Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari ziyolilar bilan uchrashdi

Bugun, 12-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi ziyolilari va san’at namoyandalari bilan uchrashdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari Rustam Saparbayev, markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov, vazirlik va tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda jamiyatning ma’naviy dunyosini boyitish, madaniy merosni asrab-avaylash va yosh avlod tarbiyasidagi mas’uliyatni kuchaytirishga doir bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda Otabek Hasanov hozirgi zamon talablariga mos ravishda ma’naviy va madaniy ishlar samaradorligini oshirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishning yangi usullari haqida so‘zladi.

Ziyolilar va san’atkorlar zamonaviy san’at yo‘nalishlari orqali yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, teatr, musiqa va tasviriy san’at sohasida milliy an’analarni innovatsion g‘oyalar bilan boyitish, media va internet platformalarida milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, yosh ijodkorlar va iqtidorli san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish kabi masalalar bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.

NukusDPI matbuot xizmati.