Otabek Hasanovning yoshlar bilan uchrashuvi motivatsion ahamiyatga ega bo‘ldi

Bugun, 12-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov institutning bitiruvchi kurs hamda faol talaba-yoshlari bilan uchrashdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab institut talabalarining yutuqlari, tasviriy san’at va hunarmandchilik namunalari, kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishib, “Siyperde” ansambli ijrosidagi xalq qo‘shiqlarini tingladi.

Uchrashuvda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, globallashuv shiddatli sur’atlarda davom etayotgan dunyoda yoshlar tarbiyasi, kelajak egalarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib qilishning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan tanlovda g‘olib bo‘lib, o‘qishini xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida davom ettirayotgan yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan onlayn muloqot institut yoshlari uchun katta motivatsiya bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida yoshlar bilan mustahkam aloqani ta’minlashga yo‘naltirilgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Markaz rahbari Otabek Hasanov yoshlarga o‘z maqsadlariga erishishda doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, faol yoshlarga o‘z muallifligidagi “Liderlar kitobi”ni sovg‘a qildi.

NukusDPI matbuot xizmati.