Korrupsiyaga qarshi kurashish – bugungi kunning dolzarb masalasi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bilan hamkorlikda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi qonunchilik bazasi ham takomillashtirilganligi, shu asosda fuqarolarning mas’uliyati ham oshirilayotganligini ta’kidladi.
Tadbirda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Nurlibay Qayipbergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy axborot sektori boshlig‘i Nuriya Berdiniyazova, institutning Boshlang‘ich ta’lim fakulteti dekani, partiyaning “Ayollar qanoti” raisi Ulbosin Seytjanova, korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Gulistan Dalibayeva mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan korrupsion harakatlarning oldini olish maqsadida 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni va undan kelib chiqib sohalarda, ayniqsa, ta’lim sohasidagi shunday harakatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan bo‘lib, bunda eng muhim tadbirlardan biri – aholining huquqiy savodxonligi va bilimlarini oshirish hisoblanadi.
Tadbirda tamagirlik, pora olish va berish, muayyan sovg‘a evaziga odamlarning huquq va manfaatlariga zid harakat qilish amaldagi qonunchilik asosida taqiqlanishi, agar shunday holatlar aniqlanadigan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi aniq misollar bilan qayd etildi.
Uchrashuv o‘zaro fikr almashish tarzida davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
