NukusDPIda millatlararo totuvlik va do‘stlik bayrami bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Biz – bir oila farzandlarimiz!” shiori asosida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida millatlararo totuvlik va do‘stlik bayrami bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Ayni paytda institutda 17 mingga yaqin talaba-yoshlar tahsil olayotgan bo‘lib, o‘quv dargohida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi jami 11 millatga mansub talabalar bir oilaning farzandlaridek, ahillikda o‘qimoqda.
Yurtimizda barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, davlatimiz tomonidan turli millatlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘zga chiqqanlar bugungidek globallashuv sharoitida ko‘plab davlatlarda yuz berayotgan milliy, diniy va etnik nizolar sharoitida bizning yurtimizda turli millat vakillarining tinch-totuv, farovon hayot kechirishi yurtimizda olib borilayotgan ushbu yo‘nalishdagi to‘g‘ri siyosatning natijasi ekanligiga alohida to‘xtaldi.
Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talabalari ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
