NukusDPI jamoasi “Alpomish izdoshlari” harbiy-sport musobaqasida faxrli o‘rinni egalladi

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi Nukus garnizonida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, talabalarning ruhiy va jismoniy tayyorgarligi, ularda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish maqsadida Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalaridagi talaba-yoshlar o‘rtasida “Alpomish izdoshlari” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqa ishtirokchilari asosan harbiy xizmatga bormagan va shu sohaga qiziquvchi yoshlardan tanlab olingan bo‘lib, jami 6 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Yugurish estafetasi, AK-74 avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, merganlik (TIR), arqon tortish, granata uloqtirish, to‘siqlardan o‘tish kabi shartlarda ishtirokchilar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan musobaqa yakunida:
1-o‘rinni – Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti;
2-o‘rinni – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti;
3-o‘rinni – Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti jamoalari egalladi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi axborot xizmati.
