NukusDPIda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning, shu jumladan, bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Mehnat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda unga qarashli shahar va tuman bo‘limlari vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Ishga marhamat” monomarkazi, bir qator oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Karyera kuni” mehnat yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarga mehnat qonunchiligi haqida tushunchalar berish, mehnat bozorida mos vakansiyalarni izlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ishga joylashish uchun hujjatlarni tayyorlash va ish beruvchilar bilan suhbatlashish usullarini o‘rgatish, ish beruvchilar uchun institutda tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatini tanishtirish, o‘qiyotgan va bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.

Mehnat yarmarkasida asosiy ish beruvchi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi boshqarma va bo‘limlar bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlari, davlat va nodavlat muassasalari, korxona va tashkilotlar vakillari bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, joriy o‘quv yilida Nukus davlat pedagogika institutida bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2 ming 100, sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2 ming 181 talaba, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 144 magistrant bitirib chiqishi kutilmoqda. Mehnat yarmarkasida 1-2-3-kurs talabalari bilan birga ushbu bitiruvchilarning ham bandligini ta’minlash, ularga tegishli sohalar bo‘yicha ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish, ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzish ishlari olib borildi.

Institutning iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

NukusDPI matbuot xizmati.