Institutda Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida ko‘rgazma tashkil etildi

Bugun, 24-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Pedagogika fakultetida Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida ko‘rgazma tashkil etildi.

Ko‘rgazmadan tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari, bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari, shuningdek, tasviriy san’at va amaliy bezak san’at magistratura mutaxassisligida tahsil olayotgan magistrantlarning ijodiy ishlari o‘rin oldi.

Tadbirning ochilish marosimida institut rektori Quvondiq Qodirov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i Ulbosin Utegenova, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi – akademik Sarsenbay Baybosinov, Toshkent va Jizzax shaharlaridan kelgan mehmonlar va boshqalar so‘zga chiqib, har yili o‘tkazish an’anaga aylangan ushbu ko‘rgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad yoshlar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlarni keng jamoatchilikka tanishtirishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ishlar 2024-2025-o‘quv yilida bajarilgan bo‘lib, asosan moyli va akvarel bo‘yoqda ishlangan. Janr xususiyatiga ko‘ra manzara, natyurmort, portret janrlari o‘rin egallaydi.

Shuningdek, turli janrdagi kartinalar bilan birgalikda zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlangan ijodiy ishlar hamda amaliy bezak san’ati bo‘yicha turli buyumlar, hunarmandchilik namunalari ham ko‘rgazmaga qo‘yilgani tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.

Tadbir doirasida tasviriy san’at va muhandislik grafikasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida portret va manzara ishlash bo‘yicha tanlov o‘tkazildi.

NukusDPI matbuot xizmati.