Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida sayyor ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida turli jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mamlakatimizda har qanday qonunbuzarlik holatlariga qonuniy tarzda chora qo‘llanilishini ko‘rsatish va bu orqali yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida sayyor ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, hududlarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzarliklarning asosiy sabablarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish muhim vazifa sifatida o‘z ifodasini topmoqda.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qaroridan kelib chiqib xalqimiz, jumladan, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining tergov sudyasi Dauletyar Srajatdinov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, jamiyatimiz va davlatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Sayyor ochiq sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan talabalarning ishlari ko‘rib chiqildi.

Albatta, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlarning huquqiy-demokratik davlat barpo etishdek yuksak maqsadlarimiz yo‘lidagi bilimlarini oshirib, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga ham xizmat qilishi shubhasiz.

NukusDPI matbuot xizmati.