NukusDPI talabasi Alfiya Amangeldiyeva “Digital Generation Girls – 2025” tanlovida g‘olib bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qizlarning axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlarini yanada oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021-yildan buyon “Digital Generation Girls” (“Raqamli avlod qizlari”) loyihasi muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Loyihaning 2025-yilgi mavsumi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” bolalar oromgohida bo‘lib o‘tdi. Respublikamizdan, shuningdek, xorijiy davlatlardan 7 mingdan ziyod ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tgan loyihaning yakuniy bosqichiga 120 nafardan ortiq qizlar saralab olindi.
Ahamiyatlisi, ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Chet tillari fakulteti ingliz tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabasi Alfiya Amangeldiyeva ham o‘zining innovatsion loyihasi bilan ishtirok etdi.
Ta’lim, sun’iy intellekt, yashil iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishi kabi yo‘nalishlarda tanlov formatida o‘tgan loyihaning final bosqichida institutimiz talabasi Alfiya “Gidrogel yordamida “EkoOrol” yaratish” loyihasi bilan g‘oliblar qatoridan joy oldi va qimmatbaho sovg‘alar hamda AQShga ta’lim sayohati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Institutimiz talabasi Alfiya Amangeldiyevani muvaffaqiyatli natijalari bilan chin dildan tabriklaymiz!
NukusDPI matbuot xizmati.
