«Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni qabul qilindi

Mamlakatimizda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida tubdan takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda oliy ta’lim dasturlarini xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish, shuningdek, ta’lim sohasida uzviylik va uzluksizlikni hamda ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida 2025-yilning 28-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni (PF-73-son) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi.

Universitet respublikada pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilandi.

2025-2026-o‘quv yilidan universitetning boshqaruv tizimi «Yangi O‘zbekiston» universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi.

Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi.

Akademik faoliyat raqamlashtirilgan boshqarish tizimi (Learning management system) orqali yo‘lga qo‘yiladi hamda «Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish» (HEMIS) axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 1-kursdan  xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Farmonning birinchi ilovasiga muvofiq, respublika hududlaridagi pedagogika oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.

2026-2027-o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida universitetga mos ravishda boshqaruv tizimi takomillashtiriladi va xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.