Davlat va jamoat arbobi Pirjan Xalmuratovning 100 yilligiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xalqimizning ardoqli farzandi, yurtimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan taniqli davlat va jamoat arbobi Pirjan Xalmuratov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov olib bordi.

Kechada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, polkovnik Orinbay Turdaqov, institut metodisti Yerniyaz Qasimov o‘zining fidokorona mehnat yo‘li, halolligi va vatanparvarligi bilan xalqimizning qalb to‘ridan joy olgan Pirjan Xalmuratovning hayoti, xizmatlari haqida ma’ruza qildi.

Pirjan Xalmuratov 1925-yil 1-yanvarda Qonliko‘l tumani hududida dunyoga keldi. U kichkinaligidan o‘z orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun ilm yo‘lidan borib, xalqimizning ezgu xizmatiga bel bog‘ladi.

Uning ma’rifat va bilim yo‘li boshlang‘ich maktabdan Toshkent yuridik institutigacha davom etdi. U institutni bitirib kelgandan so‘ng mehnat faoliyatini Qorao‘zak tumani prokurori lavozimidan boshlagan bo‘lsa, o‘zining mehnatsevarligi, tashkilotchilik qobiliyati, yuqori bilimi va tajribasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Kegeyli va Xo‘jayli tumanlarining birinchi rahbari lavozimlarida samarali mehnat qildi.

Pirjan Xalmuratov prokuratura va ichki ishlar organlari sohasida xizmat qilib yurgan vaqtlarida asosiy e’tiborni yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratib, ular o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ibratli ishlarni olib bordi.

Kegeyli tumanida 11 yil va Xo‘jayli tumanida 12 yil davomida birinchi kotib lavozimida ishlagan yillarida ushbu tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish orqali aholining farovon turmushini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shdi.

Ayniqsa, Pirjan Xalmuratovning Xo‘jayli tumanidagi rahbarlik davri nafaqat tuman aholisi orasida, balki butun respublikamiz xalqi orasida “Taraqqiyot yillari” sifatida eslanadi. O‘sha yillari tumanda yangi maktablar, shifoxonalar, ko‘p qavatli uylar, aloqa obyektlari, mehmonxonalar va boshqa infratuzilma inshootlari qurib bitkazildi. Bu obyektlar hamon xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilmoqda. Ularni ko‘rgan odamlar o‘z yurtining chinakam halol farzandi Pirjan Xalmuratovning fidoyi xizmatlarini yodga oladi.

Kechada institutning nuroniy professor-o‘qituvchilari Pirjan Xalmuratovning mehnat faoliyati bilan bog‘liq o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, uning farzandlari, oila a’zolari institut jamoasiga shunday kechani tashkil etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

NukusDPI matbuot xizmati.