Mangu buloqlar: O‘zbekiston Qahramonlari Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 96 yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq adabiyotining qo‘sh boyteragi, O‘zbekiston Qahramonlari – O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 96 yilligiga bag‘ishlangan “Mangu buloqlar” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyada Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Gulistan Dauletova, taniqli shoira va jurnalist Gulnara Nurlepesova, ijodkorlarning oila a’zolari, taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar qoraqalpoq adabiyotining yorqin yulduzlari Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qayipbergenovning hayoti, ijodi, asarlarining o‘rganilishi, shuningdek, nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki turkiy va jahon xalqlari adabiyotida tutgan o‘rni, janr-tematik xususiyatlari haqida ma’lumotlar berdi.
Anjumanda institutda sana munosabati bilan o‘tkazilgan bir qator tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.
Tadbir iqtidorli talabalar ijrosidagi badiiy-adabiy bo‘lim bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 