Faxriylarni e’zozlash – har birimizning muqaddas burchimiz

9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Quvondiq Qodirov va institut jamoatchilik kengashi, yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti vakillari poytaxtimiz Nukus shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qadirbay ota Narmanov xonadoniga tashrif buyurib, uning holidan xabar oldi.

Bu yil yuz bilan yuzlashayotgan Qadirbay ota Narmanov ayni kuch-g‘ayratga to‘la yigitlik chog‘ida fashizmga qarshi kurashga otlanib, yurtimizni dushmandan himoya qilishga munosib hissasini qo‘shdi. U urushdan keyingi yillarda ham mamlakatimizning har tomonlama tiklanib, taraqqiy etishi uchun fidoyilik bilan xizmat qildi.

Qadirbay ota urush yillaridagi qiyinchiliklar, xalqning og‘ir turmushi haqida so‘zlab berdi. Bugungidek tinch va farovon hayotga erishish oson bo‘lmaganini, necha minglab odamlar buning uchun jonini fido qilganini aytib, albatta, har birimiz bularning qadriga yetishimiz va Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrashimiz kerakligini ta’kidladi.

Institut rektori Quvondiq Qodirov Qadirbay otaga bugungi avlodlar nomidan cheksiz minnatdorchilik bildirib, bayram sovg‘alarini topshirdi.

NukusDPI matbuot xizmati.