Institutda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va huquqbuzarliklarning oldini olish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Bugun, 12-may kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Institut rektori Quvondiq Qodirov boshqargan yig‘ilishda yoshlar tarbiyasi bo‘yicha mas’ullar – rektor maslahatchisi, yoshlar yetakchisi, tegishli bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari, tyutorlar, psixologlar ishtirok etdi.
Tadbirda institut rektori yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarning ahamiyati va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga to‘xtalib, amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qildi hamda mavjud kamchiliklarni qayd etdi.
Yig‘ilishda talabalar o‘rtasida bilim olishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularni turli foydali loyihalarga jalb etish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirish maqsadida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish yo‘llari muhokama qilindi.
Talabalar o‘rtasida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni yot g‘oyalardan himoya qilish va milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqilib, bular bo‘yicha kelgusi maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga yo‘naltirilgan targ‘ibot ishlarini muntazam ravishda olib borish, institutda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini oshirish, talabalar bilan ishlashda pedagogik yondashuvni takomillashtirish va ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etishga yo‘naltirilgan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha barcha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
 
 
 
 
 
 
 
 