«Kelajakka qadam» dasturi doirasida bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi

Bugun, 12-may kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilayotgan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ta’lim tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Begali Xolmirov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bo‘lim boshlig‘i Elyor Ikramov, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati va aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ning tegishli mas’ullari, oliy ta’lim muassasalarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan bitiruvchi talaba-yoshlari ishtirok etdi.

Tadbirda mutaxassislar «Kelajakka qadam» dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.

O‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan institutning bitiruvchi kurs talabalari biznes g‘oyani tayyor loyihaga yetkazish jarayonida to‘liq hamkorlik va qulay shartlarda moliyalashtirish, sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish kabi masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali talabasi Yorqin Boyxo‘rozovning 70 million so‘mlik kredit masalasi shu yerning o‘zida hal etildi.

NukusDPI matbuot xizmati.