NukusDPIda favqulodda vaziyatlar sohasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun, 13-may kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish va cho‘milish mavsumida har xil salbiy holatlarning oldini olishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov olib borgan uchrashuvda Nukus shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limining boshlig‘i Azat Qurbanov va bo‘linma boshlig‘i Javlon To‘rayev, institutning tegishli mas’ul mutaxassislari va talaba-yoshlar qatnashdi.

Uchrashuv davomida tabiiy ofatlar, jumladan, zilzilalarning sodir bo‘lishi, bunday holatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar berildi.

Shuningdek, yoz mavsumi kirib kelishi bilan kunlar isib, odamlarning turli belgilanmagan joylarda cho‘milish holatlari tez-tez uchrashi, cho‘milish mavsumida xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi, bularning oqibatida inson hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi haqida hayotiy misollar bilan tushuntirish ishlari olib borildi.

Kun tartibidagi qayd etilgan profilaktik tadbirlar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar hosil qilish maqsadida videoroliklar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar uchun Favqulodda vaziyatlar bo‘limining maxsus qutqaruv otryadlari tomonidan ko‘rgazma tashkil etilib, sohada qo‘llaniladigan turli asbob-uskunalarning vazifalari haqida ma’lumot berildi.

NukusDPI matbuot xizmati.