Ogohlik – davr talabi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, talabalar o‘rtasida ijtimoiy sog‘lom muhitni shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan “Ogohlik – davr talabi” mavzusidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov kirish so‘zi bilan ochib berdi va bugungi uchrashuv yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi muhim targ‘ibot tadbirlaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy axborot sektorining bosh maslahatchisi Baxitgul Matjanova, institutning katta yuriskonsulti Baxitgul Arziyeva, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va nazorat-monitoring bo‘limi boshlig‘i Tursimurat Yesemuratov, korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Gulistan Dalibayevalar so‘zga chiqib, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ularning mazmuni va ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Seminar davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy sohalarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan korrupsiyaviy harakatlarning oldini olish maqsadida 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2024-yilning 5-iyun kuni tasdiqlangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, ulardan kelib chiqib sohalarda, ayniqsa, ta’lim sohasidagi bunday harakatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, oldindagi vazifalarga to‘xtalib o‘tdilar.

NukusDPI matbuot xizmati.