Xalqaro qozoq-turk universiteti professori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakultetida Qozog‘iston Respublikasi Xoʻja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti professori Saliy Sadiqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Taniqli pedagog, faylasuf olim, mohir ijodkor Saliy Sadiqov Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida tug‘ilgan bo‘lib, Toshkent davlat universitetining Jurnalistika fakultetida tahsil olgan. U universitetni tugatgandan so‘ng respublikamiz matbuot sohasida samarali mehnat qildi. 1965-1978-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Najim Dauqarayev nomidagi Tarix, til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi va faylasuf olim Jumanazar Bazarbayev rahbarligida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. 1974-yili nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

U 1990-yilda Nukus davlat pedagogika instituti qayta ochilgandan keyin kafedra mudiri, prorektor kabi mas’uliyatli vazifalarni bajardi.

Tarix fakultetidagi akademik Jumanazar Bazarbayev muzeyida tashkil etilgan uchrashuvda fakultet jamoasi professor Saliy Sadiqov bilan birga faoliyat yuritgan davrdagi tarixiy voqealarni esga oldi, hozirgi ta’limning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida professorga hurmat ko‘rsatilib, sovg‘alar topshirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.