Korrupsiya – islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida oliy ta’lim sohasida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish va ularning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan “Korrupsiya – jamiyat rivojining to‘sig‘i” mavzusidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Batir Matmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Rashid Sadikov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mutaxassisi Habibulla Ruzimbetov, institut fakultetlari dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda pedagog xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori Quvondiq Qodirov olib bordi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, har qanday taraqqiyotning ildiziga bolta uradigan illatlardan biri korrupsiyadir. Mamlakatimizda bunday illatlarga qarshi kurashish, ularning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi qonunchilik bazasi ham takomillashtirilmoqda. Shu asnoda fuqarolarning mas’uliyati ham oshirilmoqda.
Joriy yil 5-mart kuni davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etib, “Korrupsiya – islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq” ekanini ta’kidlagan edi.
Tadbirda soha mutaxassislari mamlakatimizda barcha sohalar rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan korrupsion harakatlarning oldini olish maqsadida 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 5-iyun kuni tasdiqlangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, ulardan kelib chiqib sohalarda, ayniqsa, ta’lim sohasidagi bunday harakatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan bo‘lib, bunda eng muhim tadbirlardan biri – aholining huquqiy savodxonligi va bilimlarini oshirish ekanligi ta’kidlangan edi.
Amalga oshirilayotgan shunday ishlarga qaramasdan, sohalarda korrupsiyaviy harakatlar aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Oliy ta’limda korrupsion harakatlarning oldini olish uchun ma’lumotlarni olish elektron, hujjat topshirish onlayn formatlarga o‘tkazilib, hozirgi vaqtda imtihonlarni onlayn tarzda Internet tarmoqlari orqali ochiq-oshkora o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganligi, shuningdek, eng muhimi, har bir oliy ta’lim muassasasida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida komplayens-nazorat bo‘limi tashkil etilib, bu boradagi aniq ishlar belgilanganligi haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda tamagirlik, pora olish va berish, muayyan sovg‘a evaziga odamlarning huquq va manfaatlariga qarshi harakat qilish amaldagi qonunchilik asosida taqiqlanishi, agar shunday holatlar aniqlanadigan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi aniq misollar bilan ta’kidlandi.
Sohalarda korrupsiya holatlariga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan huquqiy-tezkor tadbirlardan tayyorlangan videorolik ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
 
 
 
 
 
 
 
 