21-may – Kutubxonachilar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Kutubxona – bu bilim va ma’naviyat markazi bo‘lsa, u yerda ishlayotgan odamlar xalqimizga, kelajak avlodlarimiz bo‘lgan yoshlarimizga ziyo tarqatadigan, eng fidoyi, jonkuyar insonlardir.

Bugun, 21-may – O‘zbekiston Respublikasida kutubxonachilar kuni bayrami sifatida mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Bugungi bayram munosabati bilan institutimizning axborot-resurs markazida xizmat qilayotgan barcha mutaxassis xodimlarni chin qalbimdan tabriklayman.

Kutubxona – bu nafaqat bilim maskani, balki insoniyatning boy tarixiy va madaniy merosini avlodlarga yetkazadigan muqaddas maskandir. Ushbu maskanda xizmat qilayotgan sizlarning mehnatingiz tufayli minglab yoshlar ilmga oshno bo‘lmoqda, ma’rifat olamiga kirib bormoqda. Sizlar kitoblarni asrash bilan birga ularning ruhi bilan odamlarni ilhomlantirasiz.

Shuni alohida ta’kidlashimiz kerak, bizning institutimizning axborot-resurs markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi eng boy kutubxonalardan biri hisoblanadi. Bu yerda 16 mingdan ortiq nomdagi 180 mingga yaqin kitoblar mavjud bo‘lib, 14 mingga yaqin kitobxon a’zo bo‘lgan. Ro‘yxatga olish, elektron katalogdan foydalanish, o‘quv va kompyuter zallari doimo talabalar va ilmiy izlanuvchilar bilan gavjum bo‘ladi. Markazda “Elektron kutubxona” tizimi, shuningdek, talaba-yoshlarimizni kitobxonlikka yo‘naltirish maqsadida “Kitobxonlar klubi” samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Bugungi kunda raqamli davr imkoniyatlaridan foydalangan holda kutubxonamizni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirayotgan ishlaringiz alohida tahsinga sazovordir.

Sizlarning fidokorona mehnatingizni yuksak qadrlayman va institutimizning ilmiy-ma’rifiy jihatdan rivojlanishiga qo‘shayotgan hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, yuqori natijalar va yangi zafarlar tilayman! Doimo ilhom va ma’rifat nurini taratishdek ulug‘ ishlarni davom ettirishingizga tilakdoshman!

Hurmat bilan, 

Quvondiq Qodirov,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.