Tabiiy fanlarning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti tomonidan “Tabiiy fanlarning dolzarb masalalari” mavzusidagi VI xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyaning ochilish plenar majlisida Rossiya, Belarus, Xitoy, Malayziya kabi davlatlardan, shuningdek, respublikamizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlarining olimlari, fakultet professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Polatbek Kalxanov kirish so‘zi bilan ochib berib, o‘tkazilayotgan ilmiy konferensiyaga 200 ga yaqin maqola va tezislar kelib tushganini ta’kidladi.

Plenar majlisda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutidan fizika-matematika fanlari nomzodi Hakimbay Atajanovning “Kemiruvchilar populyatsiyasi sonini prognozlash uchun matematik va kompyuter modellari”, Qoraqalpoq davlat universiteti professori Mapruza Allaniyazovaning “Amudaryo yer usti ichimlik suv manbasining kimyoviy tarkibini o‘rganish”, institutning botanika, ekologiya va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti Inamjan Saparniyazovning “Qoraqalpog‘iston sharoitida gidrogeldan foydalanib shirin makkajo‘xori yetishtirish”, institut tayanch doktoranti Miyassar Qarlibayevaning “Orolbo‘yi sharoitida XYLOSALSOLA RICHTERI (MOQ.) AKHANI&ROALSON senopopulyatsiyalarining ekologik-fitotsenotik tavsifi” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Konferensiya tabiiy fanlar sohasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha dolzarb muammolarga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, xorijiy ilmiy tadqiqotchilar bilan hamkorlik qilish, tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, tadbir “Tabiiy fanlar sohasida ilmiy yutuqlar, muammolar va istiqbollar”, “Kimyo va kimyoviy texnologiya”, “Tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi va texnologiyasi” kabi shoʻbalarda o‘z ishini davom ettirdi.

Konferensiyada so‘nggi yillarda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishni jadallashtirish va aholi turmush tarzini oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalari ham keng muhokama qilindi.

Konferensiyada ma’ruzachilar tomonidan tabiiy fanlarni o‘qitishning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan ilmiy fikrlar, xulosalar bildirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.