Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kunning dolzarb masalasi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Fizika-matematika fakultetida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusida targ‘ibot tadbiri va uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi xotin-qizlar masalasi bo‘yicha bosh mutaxassisi X.Ibraymova, boshqarmaning Nukus shahar bosh mutaxassisi X.Nezamatov, institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Bekchanova, fakultetning yoshlar tarbiyasi masalalariga mas’ul xodimlari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, jaholat – bu ilmsizlik bo‘lib, ilmsiz hech qachon taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan “Taraqqiyot strategiyasi”da belgilab berilgan yetti ustuvor vazifaning beshinchisida ushbu masalaga alohida to‘xtalib, “Muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratamiz. Ma’lumki, O‘zbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega davlat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir”, – deb aytib o‘tgan edi.

Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davr mobaynida jamiyatimizning bosh mezoni ma’naviyat va muqaddas dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Afsuski, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shunday islohotlar va tarixiy yangilanishlarga, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramasdan terrorizm, ekstremizm va shu kabi illatlarga bilib-bilmay aralashib qolayotgan yoshlar ham oramizda uchrab turibdi.

Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli joylarida ro‘y berayotgan iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya sohalaridagi o‘zgarishlar, turli mafkuralar to‘qnashuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘tkazilgan tadbirda yoshlar o‘rtasida shu yo‘nalishdagi targ‘ibot va tushuntirish ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Shuningdek, faol yoshlar ham so‘zga chiqib, jaholatga qarshi – ma’rifat g‘oyalarini yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida o‘zlarining fikr va takliflarini bildirib o‘tdi.

NukusDPI matbuot xizmati.