Kaspiy texnologiyalar va injiniring universiteti delegatsiyasi Nukus davlat institutiga tashrif buyurdi

Bugun, 3-iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Shaxmardan Yesenov nomidagi Kaspiy texnologiyalar va injiniring universiteti prezidenti Berik Axmetov boshchiligidagi delegatsiya Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.

Mehmonlar an’anaga ko‘ra non-tuz bilan kutib olindi. Institutning iqtidorli talabalaridan iborat “Siy perde” va “Baldauren” ansambllari a’zolari ijrosidagi milliy qo‘shiqlar qozog‘istonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Institut rektori Quvondiq Qodirov delegatsiya a’zolariga Ajiniyoz muzeyini tanishtirib, bu yerdagi eksponatlar haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlarining rasmiy uchrashuvi o‘tkazildi.

Uchrashuvda ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar yo‘nalishlarida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish muhimligi ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvi, o‘quv-metodik resurslar hamda laboratoriyalardan birgalikda foydalanish, xalqaro ilmiy bazalar, ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, ilmiy konferensiyalar tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Uchrashuvda qayd etilgan masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Kaspiy texnologiyalar va injiniring universiteti prezidenti Berik Axmetov yuqori darajadagi uchrashuv uchun institut rektori Quvondiq Qodirov hamda institut jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

NukusDPI matbuot xizmati.