Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi

Bugun, 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori E’zozxon Karimova Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni institut rektori Quvondiq Qodirov, prorektorlar, tegishli bo‘lim boshliqlari kutib oldi.

Vazir o‘rinbosari dastlab institutda qoraqalpoq adabiyotining atoqli vakili Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori asosida tashkil etilgan Ajiniyoz muzeyida bo‘ldi. Bu yerdagi eksponatlar bilan tanishib, muzeyning esdaliklar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.

Shundan so‘ng E’zozxon Karimova o‘tgan yili institutning 90 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosidagi axborot-resurs markazi, IT-inkubatsiya markazi, laboratoriyalardagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Tegishli o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, shuningdek, bitiruvchi kurs talabalarining bitiruv malakaviy ishlarini himoya qilish tadbirlarida ishtirok etib, ularga kelgusi ilmiy-pedagogik ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Vazir o‘rinbosari institutda yoshlarning ta’lim olishi, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.

NukusDPI matbuot xizmati.