Vazir o‘rinbosari bilan uchrashuvda yetuk pedagog kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi

Avval xabar berganimizdek, bugun, 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori E’zozxon Karimova Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.
Institutda yoshlarning bilim olishi va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgach, vazir o‘rinbosari institutning tegishli mutasaddi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va undan kelib chiqib sohada amalga oshiriladigan ishlar keng muhokama qilindi.
Xususan, sohada uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash, ilm-fan, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish, shuningdek, xalqaro tajriba asosida o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilishning ahamiyati haqida fikr almashildi.
Uchrashuv davomida institutda ilmiy-pedagogik yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Vazir o‘rinbosari E’zozxon Karimova pedagog kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda sohaga investitsiyalar va grantlarni keng jalb etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
