NukusDPIning “Sahro bulbullari” jamoasi “Munozara” intellektual turnirining respublika bosqichida yaxshi natijaga erishdi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 11-13-iyun kunlari Urganch davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Munozara” intellektual turnirining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan turnirning yakuniy bosqichida respublikamizning turli hududlaridan jami 18 ta jamoa mantiqiy fikrlash, nutq madaniyati va dolzarb ijtimoiy muammolar bo‘yicha o‘zaro bahs olib bordi.

Respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ishtirok etgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “Sahro bulbullari” jamoasi saralash va guruh bosqichlarida yuqori natijaga erishib, chorak final bosqichiga qadar yetib bordi.

Jamoamiz a’zolari bo‘lgan Boshlang‘ich ta’lim fakultetining 4-kurs talabalari Durdona Tolibayeva va Sevara Yusupova, shuningdek, Tarix fakultetining 2-kurs talabasi Jasurbek Nurullayev turnirning respublika bosqichida faol ishtirok etgani uchun tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Institutimiz jamoasiga metodist Yerniyaz Qasimov murabbiylik qildi.

NukusDPI matbuot xizmati.