Institut mutasaddilari talabalarning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan talaba-yoshlar, shu jumladan, bitiruvchi kurs talabalarining ota-onalari bilan onlayn formatda suhbatlar o‘tkazish bo‘yicha fakultetlar kesimida jadval tasdiqlandi.

Ushbu jadval asosida Fizika-matematika va Chet tillari fakultetlarida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari bilan ZOOM platformasi orqali onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda institut rektori Q.Qodirov, prorektorlar, fakultetlar dekanati va mas’ul bo‘limlar vakillari talabalarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, shu asosda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlarining ahamiyati, yakuniy imtihonlar, bitiruv malakaviy ishlarining borishi, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasining dolzarb masalalari haqida ota-onalar bilan fikr almashdi.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatimizda yoshlarning tadbirkorlik va startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yilganligi, xususan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Ota-onalar bilan onlayn formatdagi uchrashuvlar fakultetlar kesimida davom etadi.

NukusDPI matbuot xizmati.