Xushxabar! NukusDPI talabasi Zilola Allakova “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev “Yoshlar oyligi” doirasida To‘rtko‘l tumanidagi faol yoshlar bilan uchrashdi.

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga munosib sharoitlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ta’kidlab, ularning fikr-mulohazalarini tingladi.

Tadbir doirasida har tomonlama faol va tengdoshlari orasida alohida yutuqlarga erishib, ko‘pchilikka namuna bo‘layotgan tumanning bir qator yoshlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi, faol yoshlar qatorida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Fizika-matematika fakulteti 3-kurs talabasi Zilola Allakova “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Zilola Allakova O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Zomin” yosh ijodkorlar tanlovining respublika bosqichi g‘olibi, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi, “Munozara’ intellektual o‘yini hamda boshqa innovatsion g‘oyalar tanlovlarining respublika bosqichlarida yuqori natijalarga erishgan. Uning ijodiy ishlari, she’rlari nafaqat respublika miqyosida, balki Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarda ham nashr etilgan.

NukusDPI matbuot xizmati.