Talaba-yoshlarning ota-onalari bilan muloqotlar o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Boshlang‘ich ta’lim hamda Turkiy tillar fakultetlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar, shu jumladan, bitiruvchi kurs talabalarining ota-onalari bilan onlayn formatda suhbatlar o‘tkazildi.

Tadbirda institut rektori Q.Qodirov, prorektorlar, fakultetlar dekanati va mas’ul bo‘limlar vakillari talabalarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, shu asosda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlarining ahamiyati, yakuniy imtihonlar, bitiruv malakaviy ishlarining borishi, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasining dolzarb masalalari haqida ota-onalar bilan fikr almashdi.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatimizda yoshlarning tadbirkorlik va startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yilganligi, xususan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Ota-onalar bilan onlayn formatdagi uchrashuvlar fakultetlar kesimida davom etmoqda.