Bitiruvchi kurs talabalari bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda institut rektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, yoshlarning biznes g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, yosh tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyot sohalaridagi, jumladan, startap va innovatsion loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, kasb-hunar, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni puxta egallashlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida 2025-yil 14-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-61 va PQ-62-sonli qarorlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda “Milliybank”ning Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshqaruvchisi o‘rinbosari Sherazatdin Shinibayev, “Aloqabank”ning Qoraqalpog‘iston filiali yetakchi mutaxassisi Ajiniyaz Qurbaniyazov, “Milliybank”ning “Kelajakka qadam” markazidan institutga mas’ul mutaxassis Klara Sharipovalar bitiruvchi talaba-yoshlarning savollariga javob berdi.

Uchrashuvda mutaxassislar yoshlarga Prezidentimizning maxsus qarorlari asosida bitiruvchi kurs talabalari uchun “Milliybank” tomonidan “Kelajakka qadam”, “Kelajak uchun start”, “Yorqin kelajak sari” loyihalari doirasida 10 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha, yurtimiz yoshlari uchun “Aloqabank” tomonidan “Biznesga birinchi qadam” va “Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihalari asosida 100 million so‘mdan 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishini tushuntirib o‘tdi.

Yoshlar o‘z biznes va startap loyihalarini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orqali bandligini ta’minlash borasidagi savollariga batafsil javoblar oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.