NukusDPI talabasi Yaponiyaning tadbirkorlik dasturi asosida o‘z biznes ko‘nikmalarini oshiradi

Yaponiyaning Yamagata universiteti professori Onodera Tadashi va koordinator Hattori Toshiaki tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan Prezident farmoni asosida yosh tadbirkorlar va innovator yoshlar orasidan eng namunali 50 nafar mentor tanlab olindi.
Ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti biologiya ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabasi Kumisay Qizilbayeva ham bor. U yaponiyalik olimlar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida o‘zining startap loyihalari haqida ma’lumot berdi.
Tanlab olingan mentorlar 2025-yil yakuniga qadar ijtimoiy innovatsiyalarga asoslangan “Yori-I” loyihasi doirasida Yaponiyaning tadbirkorlik yo‘nalishidagi yetuk mutaxassis va professor-o‘qituvchilaridan dars oladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, institutimiz talabasi Kumisay Qizilbayeva Biznesni rivojlantirish banki va Yamagata universiteti tomonidan tashkil etilgan ikki oylik seminar-treningda faol ishtirok etib, xalqaro mentorlik sertifikati bilan taqdirlangan edi.
NukusDPI matbuot xizmati.