Oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun qabul yakunlanishiga ikki kun qoldi
Prezidentning PF-81-son Farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda – “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.
1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (shu kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn roʻyxatdan oʻtadi hamda quyidagilarni tanlaydi:
Faqat test sinovida ishtirok etsa:
– fanlar majmuasi;
– taʼlim tili;
– test topshirish hududi.
Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etsa:
– taʼlim tili;
– test topshirish hududi;
– alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishi;
– kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh.
Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi.
2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:
– oliy taʼlim muassasasi;
– bakalavriat taʼlim yoʻnalishi;
– taʼlim shakli;
– tanlov ustuvorligi.
Abituriyent test sinovida toʻplagan ballarini imtihon oʻtkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Texnikumlarda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:
– texnikum;
– kasb va mutaxassislik;
– taʼlim shakli.
Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qabul komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Fuqarolar institut qabul komissiyasi Call-markazining +998612294095, +998612294101 telefon raqamlari, bundan tashqari, vazirlikning 1006, agentlikning 1195 ishonch telefoni yoki @EduuzUniversalBot’ga murojaat qilgan holda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishlari mumkin.
NukusDPI matbuot xizmati.