Kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Vazir kubogi” fanlar olimpiadasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 24-iyun kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida matematika, kimyo, fizika, informatika va biologiya fanlari bo‘yicha “Vazir kubogi” olimpiadasi o‘tkazildi.

Kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ilk bor o‘tkazilayotgan fanlar olimpiadasining dastlabki bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi jami 43 ta texnikumda yuqori saviyada tashkil etilib, g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, institutning tegishli mas’ullari so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanishga chaqirdi.

Fanlar olimpiadasida ishtirokchilar 10-11-sinflar uchun fan dasturiga muvofiq tayyorlangan savollarga javob berish orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

O‘quvchilarning savol va topshiriqlar yuzasidan bergan javoblarini institutning tajribali professor-o‘qituvchilaridan tuzilgan hakamlar hay’ati a’zolari adolatli baholadi.

Shu tariqa, “Vazir kubogi” fanlar olimpiadasi yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.

NukusDPI matbuot xizmati.