NukusDPIda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-iyun kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida talaba-yoshlarning, shu jumladan, bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Mehnat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda unga qarashli shahar va tuman bo‘limlari vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “Milliybank”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, muassasa, korxonalar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
“Karyera kuni” mehnat yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarga mehnat qonunchiligi haqida tushunchalar berish, mehnat bozorida mos vakansiyalarni izlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ishga joylashish uchun hujjatlarni tayyorlash va ish beruvchilar bilan suhbatlashish usullarini o‘rgatish, ish beruvchilar uchun institutda tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatini tanishtirish, o‘qiyotgan va bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Mehnat yarmarkasida asosiy ish beruvchi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi boshqarma va bo‘limlar bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlari, davlat va nodavlat muassasalari, korxona va tashkilotlar vakillari bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
