O‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqish bo‘yicha seminar bo‘lib oʻtdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida oliy ta’lim muassasalarining yuqori kurslarida o‘qitiladigan fanlarning o‘quv dasturlarini xalqaro reytinglarda “TOP-300”talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlari asosida ishlab chiqish masalalariga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi davlat oliy taʼlim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlari, o‘quv-uslubiy boshqarma boshliqlari, fakultet dekanlari hamda kafedra mudirlari ishtirok etdi.

Seminarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining mas’ul xodimi Alijon Xo‘jayev ishtirokchilarga vazirlikning tegishli bayoni mazmun-mohiyati, unda ko‘zda tutilgan vazifalar hamda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlari bilan ishlash tartibi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda 2025-2026-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni muhokama qilindi. Xalqaro reytinglarda “TOP-300”talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining fan dasturlari bilan tanishish va ularni o‘z o‘quv jarayonlariga tatbiq etish yo‘llari ko‘rib chiqildi. O‘quv jarayonini yuqori sifatda tashkil etish, metodik yordam va innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Nufuzli xalqaro reytinglardagi oliy ta’lim muassasalari medotikalarini o‘rganish va ularni respublikadagi ta’lim tizimiga moslashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar zamonaviy va xalqaro talablar asosida o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

NukusDPI matbuot xizmati.