NukusDPI talabasi Alfiya Amangeldiyeva AQShda ta’lim sayohatida bo‘lib qaytdi

Xabaringiz bor, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Chet tillari fakulteti ingliz tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabasi Alfiya Amangeldiyeva “Digital Generation Girls – 2025” tanlovida “Gidrogel yordamida “EkoOrol” yaratish” loyihasi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan edi.

Tanlov g‘oliblari bo‘lgan innovator yoshlar AQShda ta’lim sayohatida bo‘lib qaytdi.

– Ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinlarda turadigan Massachusets texnologiya instituti va Garvard universitetiga bo‘lgan sayohatlarimiz menda katta taassurot qoldirdi. Bu yerdagi sharoitlar va yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi men uchun katta motivatsiya bag‘ishladi. Professor-o‘qituvchilar va dunyoning barcha mamlakatlaridan kelgan yoshlar bilan tanishib, suhbatlashdik. Albatta, biz, yoshlar bunday sayohatlardan olgan tajribalarimiz, bilimlarimiz bilan kelajakda yurtimizning har tomonlama rivojlanishi uchun o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz, – deydi Alfiya.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, institutimiz talabasi Alfiya Amangeldiyeva bugun, 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan uchrashuvida ishtirok etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.