«Oq yo‘l Sizga, bitiruvchi!»: NukusDPIda bitiruvchilarga diplom topshirish kechasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2024-2025-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirishga bag‘ishlangan «Oq yo‘l Sizga, bitiruvchi!» mavzusida tantanali kecha bo‘lib o‘tdi.

Kechada bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilari, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar, shuningdek, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov, nuroniy ustoz Begdulla Sultanov so‘zga chiqib, barcha bitiruvchi yoshlarni tabrikladi va kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tantanali kechada dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan fan doktori ilmiy darajalari hamda professor, dotsent ilmiy unvonlari tasdiqlangan professor-o‘qituvchilarga diplom hamda attestatlar topshirildi.

Ta’kidlash joizki, yakunlanayotgan joriy o‘quv yilida Nukus davlat pedagogika institutini bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2 ming 100, sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2 ming 181 talaba, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 144 magistrant tamomlamoqda.

Bitiruvchilar orasidan minglab talaba-yoshlar tegishli ish beruvchilar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish orqali ish o‘rinlariga yo‘llanmalar oldi.

Tadbirda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilariga diplomlar topshirildi.

Joriy o‘quv yili institut tarixida ulkan yutuqlarga, yuksak natijalarga boy yillardan biri sifatida tarix sahifalaridan joy oldi.

Institutning 17 nafar talabasi O‘zbekiston miqyosida o‘tkazilgan davlat stipendiyalari tanlovida, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, Islom Karimov, Navoiy, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov, Zahiriddin Muhammad Bobur, Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyalari tanlovlarida g‘olib bo‘lib, stipendiat unvoniga sazovor bo‘ldi. Shu bilan birga, institutning bir guruh faol talabalari Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li nomidagi stipendiya tanlovida g‘olib bo‘ldi.

Institut talaba-yoshlari «Universiada», «Talabalar ligasi», «Besh tashabbus olimpiadasi» kabi sport musobaqalarining respublika final bosqichlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasining O‘zbekiston miqyosida faxrli o‘rinlarni egallashiga munosib hissa qo‘shdi.

Tadbirda o‘quv yili davomida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarda katta natijalarga erishgan, shu bilan birga, turli respublika va xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalari, institut miqyosida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblariga va ularning ota-onalariga sovg‘alar, tashakkurnoma va faxriy yorliqlar topshirildi.

Bitiruv kechasi doirasida tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

NukusDPI matbuot xizmati.