Bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Karyera kuni” va “Biznes marafon” tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi talabalarning mehnat bozoriga samarali kirib borishini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish maqsadida “Bitiruvchi bandligi – 2025” loyihasi doirasida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi va “Biznes marafon” seminar-treningi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali, shuningdek, institutning bitiruvchi talabalari, mas’ul vazirlik va tashkilotlar, ish beruvchi muassasa, korxonalar, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Seminar-treningda dastlab institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi P.Kalxanov so‘zga chiqib, institutda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida mas’ul vazirliklar bilan, shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tegishli banklar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
“Biznes marafon” doirasida muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, yoshlar o‘rtasida startap g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mahorat darslari va treninglar tashkil etildi.
“Karyera kuni” doirasida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida bitiruvchilar ish beruvchilar bilan yuzma-yuz uchrashib, o‘zaro suhbatlashdi va maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
