Qoraqalpog‘istonda test sinovlari boshlandi

Bugun, 14-iyul kuni mamlakatimiz bo‘ylab 2025-2026-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari boshlandi.
Nukus shahridagi test sinovlari o‘tkaziladigan joylar qatorida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti sport majmuasida ham abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etmoqda.
Bu yerda abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish joylari, test jarayonini onlayn kuzatish imkoniyati, shuningdek, boshqa da zarur sharoitlar yaratildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, test sinovlari kuniga ikki smenada – 1-smena 08:00 dan 11:00 gacha, 2-smena esa 15:00 dan 18:00 gacha bo‘lib o‘tadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida jami 32 700 dan ortiq abituriyentlar ishtirok etishi kutilayotgan bo‘lib, test sinovlari shu yilning 22-iyul kunigacha davom etadi.
Test sinovlari to‘liq videokuzatuv orqali onlayn translyatsiya qilinmoqda hamda jarayonni test2025.uz sayti orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
NukusDPI matbuot xizmati.
