«Dolzarb 90 kun» doirasida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi

«Dolzarb 90 kun» tadbirlari doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Fizika-matematika fakultetida talabalar hamda mahalla yoshlari ishtirokida amaliy yo‘nalishdagi qator to‘garaklar va o‘quv-laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, fizika o‘qitish metodikasi kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Erkin elektromagnit tebranishlar» mavzusidagi laboratoriya mashg‘ulotlarida ishtirokchilar elektromagnit maydonlari va tebranish jarayonlarining amaliy namoyishi bilan yaqindan tanishdilar.

Institut huzuridagi IT-inkubatsiya markazida «Dasturlash tillari va sun’iy intellekt» yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda talabalar va yoshlar Python hamda C++ kabi dasturlash tillarida dastur tuzish, sun’iy intellektning asosiy tamoyillari va ilova qilinishi borasida nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, texnologik ta’lim kafedrasi qoshidagi o‘quv-amaliyot ustaxonasida «Robototexnika va 3D modellashtirish» to‘garagi doirasida yoshlarga zamonaviy robototexnika tizimlari, sensorli boshqaruv, Arduino platformasi hamda 3D model yaratish borasidagi bilim va ko‘nikmalar berildi.

Ushbu mashg‘ulotlar yoshlarning fan va texnologiyaga qiziqishini oshirish, ularni amaliyotga yaqinlashtirish, intellektual va innovatsion salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.