Talabalar yozgi oromgohi o‘z ishini boshladi

Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlarining yozgi ta’til vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sport, intellektual o‘yinlar va ko‘ngilochar tadbirlarga qamrab olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv-dala amaliyoti maskanida “Talabalar yozgi oromgohi” tashkil etildi.

Bu yerda belgilangan reja asosida talabalarning dam olishi bilan birga, ularning intellektual salohiyatini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar orqali yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buning uchun oromgohda zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratildi. Ovqatlanish, dam olish va yuvinish joylari, sport maydonchalari, konsert va tomoshalar sahnasi, kitobxon yoshlar uchun maxsus platformalar yoshlar xizmatida.

Oromgohda har bir oliy ta’lim muassasasi jamoasi tomonidan talabalar uchun muhim uchrashuvlar, mahorat darslari, sport musobaqalari, teatr va kino kechalari, turli to‘garaklar tashkil etilmoqda.

Yozgi oromgoh ishtirokchilari uchun yaratilgan sharoitlar, sog‘lom va quvnoq muhit, o‘zaro do‘stona munosabatlar yoshlarimizning yorug‘ kelajagi uchun xizmat qilishi shubhasiz.

NukusDPI matbuot xizmati.