Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Nukusda tashkil etilgan talabalar yozgi oromgohiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv-dala amaliyoti maskanida tashkil etilgan “Talabalar yozgi oromgohi”ga tashrif buyurdi.

Oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlarining yozgi ta’til vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sport, intellektual o‘yinlar va ko‘ngilochar tadbirlarga qamrab olish maqsadida tashkil etilgan mazkur oromgohning birinchi navbatiga 130 ga yaqin talabalar jalb qilingan.

Bu yerda belgilangan reja asosida talabalarning dam olishi bilan birga, ularning intellektual salohiyatini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar orqali yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buning uchun oromgohda zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratildi. Ovqatlanish, dam olish va yuvinish joylari, sport maydonchalari, konsert va tomoshalar sahnasi, kitobxon yoshlar uchun ko‘chma kutubxona hamda maxsus platformalar yoshlar xizmatida.

Oromgohda har bir oliy ta’lim muassasasi jamoasi tomonidan talabalar uchun muhim uchrashuvlar, mahorat darslari, sport musobaqalari, teatr va kino kechalari, turli to‘garaklar tashkil etilmoqda.

Vazir bu yerda dam olayotgan yoshlar bilan dildan suhbatlashdi. Ularning kelgusi o‘qishlarida omad tiladi.

O‘tkan yildan buyon tashkil etilayotgan talabalar yozgi oromgohi loyihasini Qoraqalpog‘iston Respublikasi tajribasi sifatida boshqa hududlarda ham yo‘lga qo‘yish masalalarini tegishli mas’ullar bilan muhokama qildi.

NukusDPI matbuot xizmati.