Talabalar yozgi oromgohida Xalqlar do‘stligi kuni belgilandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv-dala amaliyoti maskanida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun tashkil etilgan “Talabalar yozgi oromgohi”ning ikkinchi navbati o‘z faoliyatini boshladi.
Institutning Fizika-matematika, Boshlang‘ich ta’lim hamda Pedagogika fakultetlari mas’ullari tomonidan bu yerda dam olayotgan talabalar ishtirokida 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa millat vakillari bo‘lgan yoshlar o‘zaro do‘stlik, totuvlik va hamjihatlik ruhida birlashib, o‘z iste’dodlarini namoyish etdi hamda milliy liboslarda qo‘shiqlar ijro etdi.
Yoshlar ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar, qo‘shiqlar, raqslar haqida ma’lumot almashib, suhbatlar o‘tkazdi.
Tadbir davomida yoshlarga xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikning ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
