Qabul jarayonida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi

Xabaringiz bor, joriy yilning 8-11-iyul kunlari oralig‘ida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026-o‘quv yili uchun qabul jarayonida bakalavriatning alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tdi. Institut qabul komissiyasi tomonidan mazkur imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq amalga oshirilgan ishlar natijalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qabul komissiyasining mas’ul kotibi Abat Berdibayev imtihonlar bir kunda ikki smenada: jismoniy tarbiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha soat 06:00 va 17:00 da, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha soat 08:30 va 14:00 da o‘tkazilganligini ta’kidladi.
Jumladan, jismoniy tarbiya, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlardan biriktirilgan vakillar tomonidan nazoratga olindi.
Imtihonlarning borishi Internet tarmog‘i orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatildi.
Abituriyentlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun O‘zbekistonning turli ta’lim muassasalaridan, xususan, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Jizzax va Chirchiq davlat pedagogika universitetlari, shuningdek, Urganch, Buxoro, Termiz davlat pedagogika institutlaridan tajribali professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislar biriktirilib, ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi xolis baholandi va to‘plagan ballari shu vaqtning o‘zida ma’lum qilindi.
Joriy yilda Nukus davlat pedagogika institutida jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami 408 nafar abituriyent kasbiy (ijodiy) imtihonlarini topshirdi.
Ahamiyatlisi, kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari imtihon o‘tkazilgan kunning o‘zida institutning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari orqali e’lon qilib borildi.
2025-2026-o‘quv yili uchun qabul jarayonida kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun institutning apellyatsiya komissiyasi tashkil etilib, imtihon natijalari e’lon qilinganidan boshlab 24 soat ichida qabul qilish va ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yildi.
Institutda o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, Bilimni baholash agentligiga yuborildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
