NukusDPIda talabalarni turar joy va ijara uylari bilan ta’minlash maqsadida ma’lumotlar markazi tashkil etildi

Hozirgi vaqtda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, talabalarni turar joy bilan ta’minlashda navbatlarning hamda o‘quv yili boshlanishi arafasida talabalarning turar joysiz qolish holatlarining oldini olish maqsadida ma’lumotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu markazda institutning talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi mutaxassislari, tyutorlar va volontyorlar tomonidan turar joyga muhtoj bo‘lgan talabalarni yotoqxona hamda ijara uylar bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam berilmoqda.
Institutda yangi o‘quv yili arafasida Nukus shahrida talaba-qizlar uchun 1076 o‘rinli, o‘g‘il talabalar uchun 93 o‘rinli, Ellikqal’a tumanida 225 o‘rinli talabalar turar joylari tayyor holatga keltirildi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida uch joyda – 100, 400 va 362 o‘rinli talabalar turar joylari yangi o‘quv yiliga talabalarni qabul qilmoqda.
Shu bilan birga, institut atrofidagi mahallalarda 600 ga yaqin ijara uylarining sharoitlari o‘rganilib, yangi o‘quv yiliga tayyorlab qo‘yildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Vazirlar Mahkamasining 376-sonli qarori asosida tasdiqlangan reglamentga muvofiq, talabalarning yotoqxonalarga joylashish bo‘yicha arizalari joriy yilning 1-avgust kunidan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali qabul qilinmoqda.
Reglament asosida dastlab imtiyoz va ustunlikka ega nomzodlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi.
NukusDPI matbuot xizmati.
