Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qoraqalpog‘istonda

Bugun, 15-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida oliy va kasbiy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamuratov, Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Bayrambay Otemuratov, vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, dastlab tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimiga Ayapov Amanjol Tlepovich tayinlanganligi ma’lum qilindi.
Ta’kidlash joiz, Amanjol Ayapov tayinlovga qadar O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Shundan so‘ng tadbirda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi talabalari, shuningdek, kasbiy ta’lim muassasalari bitiruvchi o‘quvchilarining bandligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Bu borada mavjud kamchiliklar qayd etilib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Prezidentimiz rahbarligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda ish beruvchilar, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikning ahamiyatiga to‘xtaldi. Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirish maqsadida bitiruvchilar bandligini ta’minlash shtabi tashkil etilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda ish beruvchi tegishli vazirlik va korxonalar, shuningdek, oliy va kasbiy ta’lim muassasalari tomonidan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, shu bilan birga, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari belgilab olindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
