NukusDPIda “Cyber Week” tadbirlari doirasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Bugun, 19-avgust kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Kibermakonda sodir bo‘layotgan jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot haftaligi (Cyber Week)” tadbirlari haqida keng jamoatchilik vakillariga ma’lumot berish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Ichki ishlar vazirligi, vazirlikning Kiberxavfsizlik markazi va “Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ “UzCard” jamiyatining mas’ul xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari, korxona va tashkilotlarning axborot xizmati rahbarlari, jurnalistlar, blogerlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqanlar yurtimizda raqamli texnologiyalar har bir sohaga keng joriy etilib, fuqarolarimizning internet tarmoqlaridan foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotgan bugungi davr har bir kibermakon foydalanuvchisidan o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlari hamda bank kartasi hisobraqamlaridagi mulkining xavfsizligini ta’minlashda mas’uliyatni oshirishni talab etayotganini ta’kidladi.
Chunki, ko‘plab fuqarolarimiz internetdagi firibgarlarning soxta ma’lumotlariga ishonib, bilib-bilmay shaxsiy va bank kartasi ma’lumotlarini taqdim etishi oqibatida ham moddiy, ham ma’naviy zarar ko‘rayotgani tez-tez kuzatilmoqda.
Yurtimizda 2019-yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2024-yilda 62 turdagi 58 ming 800 ta jinoyat ro‘yxatga olinganligi, 2023-yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 6,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 44,4 foizga yetganligi ushbu masalaning o‘ta muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari hamda axborot xizmati vakillari, jurnalist va blogerlar kun tartibidagi masala yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan hamda murojaatchi fuqarolar tomonidan berilayotgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
Konferensiyada shu kabi jinoyatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha fuqarolarning zamonaviy kibertahdidlar haqidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
