Institutda Mustaqillik bayrami arafasida texnik xodimlarning farzandlariga o‘quv qurollari topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining qutlug‘ 34 yilligi arafasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ezgu an’anaga aylangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida institut rektorati hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan texnik xodimlarning farzandlariga yangi o‘quv yili munosabati bilan o‘quv qurollari sovg‘a qilindi.
Tadbirda institut rektori Alisher Ubbiyev so‘zga chiqib, soha xodimlari va ularning farzandlarini eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik bayrami hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.
Bayram arafasida bunday tashabbuslar xodimlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilishni kuchaytirish, oila va farzandlar uchun quvonch ulashish bilan birga, Mustaqillik bayramining yanada fayzli va mazmunli o‘tishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Institutda texnik xodimlar mehnatini qadrlash, ularning oilalariga mehr-muruvvat ko‘rsatish va farzandlarini ta’lim olishga rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilarga o‘quv qurollari tantanali ravishda topshirildi.
NukusDPI matbuot xizmati.