Institutda moliyaviy savodxonlik bo‘yicha qoraqalpoq tilida nashr etilgan kitoblar keng jamoatchilikka tanishtirildi
Bugun, 10-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Plato Books”, “Booky”, “Atiyaj” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va “Aydinlar” loyihasi tomonidan moliyaviy savodxonlik bo‘yicha qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan Bodo Sheferning “Pul alifbosi”, Jorj S.Kleysonning “Vavilonning eng boy odami”, Saidmurod Davlatovning “Men va pul” hamda “Tafakkur strategiyasi” kitoblarini keng jamoatchilikka tanishtirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, shuningdek, “Plato Books”, “Booky”, “Kaypanov” jamiyatlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda taniqli ma’rifatparvar ziyolilar, ustoz pedagoglar, kitobxon yoshlar, talabalar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Yangi kitoblar taqdimoti kechasida sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rustam Saparbayev, tadbirkor Azamat Kaypanov, “Booky” loyihasi asoschisi Azizbek Dabilovlar so‘zga chiqib, xalqimizning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishidan kelib chiqib, ularning turmush darajasini oshirish maqsadida amalga oshirilgan ushbu tadbirlarning ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, qoraqalpoq tilida chop etilgan kitoblarning mazmuni bilan tanishtirib, ulardan har bir inson shaxsiy hayotida foydalanishi mumkinligini ta’kidladi.
Tadbir yangi kitoblar yarmarkasi bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.