Bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun, 10-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi yoshlarning kelgusi faoliyati, ularning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi va bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda fakultetlar dekanlari, kafedralar va tegishli bo‘limlar rahbarlari, mas’ul mutaxassislar, shuningdek, 2024-2025-o‘quv yilida institutni tamomlagan yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori Alisher Ubbiyev yoshlar bandligini ta’minlash, ularning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha kasbiy faoliyatini davom ettirishi uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan 2024-2025-o‘quv yilida institutni jami 4369 nafar talaba tamomlagan bo‘lsa, bugungi kunga qadar ularning 68 foizdan ortig‘ining bandligi ta’minlandi. Shu bilan birga, bitiruvchi yoshlar orasidan 49 nafar talaba “Kelajakka qadam” loyihasi asosida 1 milliard 200 million so‘mga yaqin imtiyozli kredit olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yuritmoqda.

Uchrashuvda institut rektori “O‘quvchilarni qo‘shimcha ta’limga jalb etish tizimi” orqali bitiruvchilar bandligini ta’minlashning ahamiyati haqida ma’lumot berib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

NukusDPI matbuot xizmati.